
«Bavariya» sport direktori Maks Eberl jamoa darvozaboni Manuel Nojer bilan amaldagi shartnomani uzaytirish imkoniyatlari haqida to'xtalib o'tdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Klub rahbariyati tajribali posbon bilan kelajakdagi rejalar borasida muloqotga tayyorligini bildirdi. Maks Eberl ZDF telekanaliga bergan intervyusida darvozabonning jamoa uchun ahamiyati yuqori ekanini ta'kidladi.
«Nojer — haqiqiy afsona. Biz u bilan muzokaralar stoliga o'tiramiz va yangi shartnoma masalasini xotirjam muhokama qilamiz.
Agar Manuel o'zini o'ynashga tayyor deb hisoblasa, uning yana bir yil davomida «Bavariya» sharafini himoya qilishiga hech qanday to'sqinlik ko'rmayapman», — dedi sport direktori. Ma'lumot uchun, Manuel Nojer 2011-yilda «Shalke» klubidan 30 mln yevro evaziga Myunxen jamoasiga ko'chib o'tgan edi.
Uning klub bilan hozirgi kelishuvi 2026-yil 30-iyunga qadar amal qiladi. Joriy mavsumda 38 yoshli darvozabon «Bavariya» safida barcha turnirlarda 34 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Mazkur o'yinlarda u o'z darvozasidan 33 ta gol o'tkazib yuborgan bo'lsa, 11 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga muvaffaq bo'ldi.