
"Barselona" klubi rahbariyati jamoaning hujum chizig'ini kuchaytirish maqsadida yangi markaziy hujumchi izlash ishlarini faol davom ettirmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Avvalroq xabar berilganidek, kataloniyaliklarning asosiy nishoni Madridning "Atletiko" klubi a'zosi, argentinalik hujumchi Xulian Alvares bo'lib turibdi. "Cadena SER" nashri tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, "ko'k-anorranglilar"ning qisqa ro'yxatidan yana kamida ikki nafar iqtidorli forvard joy olgan.
Bular — Italiyaning "Inter" jamoasi sardori Lautaro Martines hamda Londonning "Chelsi" klubi hujumchisi Joao Pedrodir. "Barselona" mutasaddilarining fikricha, har ikki futbolchi o'zining o'yin uslubi va mahorati bilan klub talablariga to'liq javob beradi.
Hozirgi vaqtda Kataloniya klubi Ispaniya chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jamoa La Liga turnir jadvalida 85 ochko jamg'argan holda, yakka peshqadamlikni qo'lga kiritgan.
Yangi hujumchi transferi klubning kelgusi mavsumdagi hujum salohiyatini yanada oshirishi kutilmoqda.