Atletiko tarkibni yangilash uchun Xulian Alvaresni sotmoqchi

Aziz Karimov2 daqiqalik o'qish

Atletiko tarkibni yangilash uchun Xulian Alvaresni sotmoqchi
Madridning «Atletiko» klubi rahbariyati joriy mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng tarkibni tubdan yangilashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

AS nashrining xabar berishicha, klub moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida hujumchi Xulian Alvaresni yozgi transferlar vaqtida sotib yuborish variantini ko‘rib chiqmoqda. Klub sport direktori Mateu Alemani «Atletiko» tarixidagi eng yirik transfer kampaniyalaridan biriga tayyorgarlikni boshlab yuborgan.

Jamoa La Ligani to‘rtinchi o‘rinda yakunladi, Chempionlar ligasidan yarim final bosqichida chiqib ketdi. Ayniqsa, «Vilyarreal»dan uchralgan 1:5 hisobidagi yirik mag‘lubiyat rahbariyatning keskin choralar ko‘rishiga turtki bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Alvares 2024-yilda 75 million yevro evaziga jamoaga kelib qo‘shilgan va yangi loyihaning asosiy figurasi deb qaralgan edi. Argentinalik futbolchi «Atletiko» safida 106 ta o‘yinda maydonga tushib, 49 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Shundan 20 tasi joriy mavsum hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq, shaxsiy ko‘rsatkichlariga qaramay, hujumchi hali klub bilan biror marta ham sovrin yuta olmadi.

Ayni paytda futbolchiga «PSJ», «Barselona» va «Arsenal» jamoalari jiddiy qiziqish bildirmoqda. Madridliklar ushbu transferdan kamida 100 million yevro daromad ko‘rishni ko‘zlamoqda.

Klub qo‘lga kiritilgan mablag‘ni tarkibni kuchaytirishga sarflamoqchi. Xususan, «Manchester Siti»dan ketayotgan Bernardu Silva va «Tottenxem» himoyachisi Kristian Romero «Atletiko»ning asosiy nishonlari hisoblanadi.

Shuningdek, ro‘yxatda Joau Gomes va Mark Kukurelya kabi futbolchilar ham bor.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish