Buxoroda Tracker'ni ikkiga bo‘lgan Cobalt haydovchisi qamoqqa olindi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Buxoroda Tracker'ni ikkiga bo‘lgan Cobalt haydovchisi qamoqqa olindiBuxoro shahrida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuzasidan sud qarori e’lon qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Buxoro viloyati sudlari axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur holat bo‘yicha aybdor deb topilgan Cobalt avtomobili haydovchisiga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Hodisa joriy yilning 30 mart kuni Davlatobod va Oqmasjid ko‘chalari kesishmasida yuz bergan.

21 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Cobalt va Tracker rusumli avtomashinalar to‘qnashuvi natijasida ikkinchi transport vositasi kuchli zarb ta’sirida ikki qismga ajralib ketgan. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar jarayonida haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalari jiddiy tarzda buzilgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Xususan, sud haydovchini svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaganlik, yo‘l harakati qoidalarini buzish oqibatida o‘zga shaxsning mulkiga moddiy zarar yetkazganlik hamda hodisa joyidan yashiringanlikda aybdor deb topdi. YTH natijasida jabrlanuvchiga yetkazilgan qariyb 100 million so‘mlik moddiy zarar haydovchi tomonidan to‘liq qoplab berilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining tegishli qaroriga muvofiq, huquqbuzarga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Hozirgi vaqtda ayblanuvchi belgilangan jazo muddatini o‘tash uchun maxsus muassasaga joylashtirilgan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish