
O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim tizimida uzoq yillar davomida ota-onalar hamda soha mutaxassislari tomonidan bildirilgan asosli e’tirozlar markazida bo‘lib kelgan darsliklar sifati masalasi davlat rahbari darajasida jiddiy tahlil qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini tubdan isloh qilish, xususan, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berdi. Mazkur tashabbus ta’lim mazmunini zamonaviy xalqaro standartlarga moslashtirishni ko‘zda tutadi.
Shu bilan birga, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, xususan, dual ta’lim tizimini samarali yo‘lga qo‘yish masalalari ham kun tartibiga chiqdi. Bu jarayonda nazariy bilimlarni ishlab chiqarishdagi amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti filialini ochish va uning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ham muhokama markazida bo‘ldi. Ushbu qadamlar mamlakatda ta’lim sifatini oshirish va yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashiga keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi hisoblanadi.






Izohlar
0