Aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro'yxati tasdiqlandi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro'yxati tasdiqlandiSog'liqni saqlash vazirligi bepul dori vositalari ro'yxatini tasdiqladi

Sog'liqni saqlash vaziri aholiga bepul taqdim etiladigan dori vositalari ro'yxatini tasdiqlash to'g'risida buyruq chiqardi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi bilan kelishilgan mazkur hujjat 2027 yil 1 yanvardan boshlab rasman kuchga kiradi. Yangilangan ro'yxatdan turli xil xastaliklarni davolashda qo'llaniladigan jami 69 turdagi preparatlar joy olgan.

Yangi tartibga ko'ra, onkologik, ruhiy, endokrin hamda yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga qarshi dori vositalari davlat tomonidan qoplanadi. Xususan, ro'yxatga Aspirin, Bisoprolol, Omeprazol, Tramadol, Ambroksol, Kaliy yodid va Geparin kabi keng tarqalgan preparatlar kiritilgan.

Ushbu tizim "reimbursatsiya" tamoyili asosida yo'lga qo'yilib, bemorlarga tayinlangan dori xarajatlarini qoplashni nazarda tutadi. Fuqarolar oilaviy shifokorlar tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retseptlar asosida o'zlariga kerakli dori-darmonlarni olishlari mumkin bo'ladi.

Bepul dori vositalari vazirlik bilan shartnoma imzolagan dorixonalar tarmog'i orqali tarqatiladi. Mazkur tashabbus aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va zaruriy tibbiy vositalar bilan ta'minlash darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish