
7 avgust kuni o‘zbek milliy kinematografiyasi hamda madaniyat sohasi og‘ir judolikka yuz tutdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor, taniqli kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida olamdan o‘tdi. Ushbu qayg‘uli xabar Kinematografiya agentligi tomonidan rasman tasdiqlandi.
Marhum o‘zining serqirra ijodiy faoliyati davomida nafaqat kino san’atiga, balki yosh avlodni tarbiyalash va ularga kasb sirlarini o‘rgatishdek mas’uliyatli vazifaga ham katta hissa qo‘shgan. Uning pedagogik va ijodiy merosi o‘zbek san’ati tarixida muhim o‘rin tutadi.
Abdumannon Ubaydullayev o‘z faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar tayyorlab, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustoz sanaladi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Abdumannon Ubaydullayev kinorejissyor Zulfiqor Musoqovning «Vatan» filmi kabi ko‘plab taniqli kartinalarda esda qolarli obrazlar yaratib, tomoshabinlar mehrini qozongan.
Marhumning vafoti o‘zbek madaniyati vakillari va san’at ixlosmandlari uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Uning xotirasi shogirdlari va muxlislari qalbida hamisha yashaydi.






Izohlar
0