O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillarini mukofotlash to‘g‘risidagi navbatdagi farmoni e’lon qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur hujjatga muvofiq, o‘zbek san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh ijodkorlar davlatning yuksak unvonlari bilan taqdirlandi. Xususan, O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi, taniqli aktyor Matyoqub Matchonov hamda O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Ra’no Yarasheva O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti faxriy unvoniga sazovor bo‘lishdi.
Shuningdek, mazkur farmon bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi badiiy rahbari, aktyor Uchqun Tillayev hamda O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli artist-sozandasi Abdurahmon Xoltojiyevga ham O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni berildi. Matyoqub Matchonov o‘zining betakror ijro uslubi va xalqona obrazlari bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan ijodkor sanaladi.
U Bozor ko‘rmagan yigit, Shabnam, Tilim qursin, Mening akam bo‘ydoq, Endi dadam bo‘ydoq va Sotqin kabi ko‘plab filmlardagi yorqin rollari orqali keng jamoatchilikka tanilgan. Avvalroq O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni va Do‘stlik ordeni bilan taqdirlangan aktyorning bu galgi yuksak e’tirofi uning ko‘p yillik samarali mehnatining mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, teatr san’atidagi serqirra faoliyati bilan tanilgan Ra’no Yarashevaning ham ushbu unvon bilan taqdirlangani uning madaniyat sohasidagi xizmatlari yuksak darajada qadrlanganidan dalolat beradi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0