Nyu-Yorkda Yulduz Usmonovaning konsertini bekor qilish talab qilindi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Nyu-Yorkda Yulduz Usmonovaning konsertini bekor qilish talab qilindiYulduz Usmonovaning AQShdagi konserti bekor qilinishi mumkin

O'zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning AQShga rejalashtirilgan gastrol safari atrofida ziddiyatli vaziyat yuzaga keldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Nyu-York shtatidagi bir guruh siyosatchilar xonandaning konsert dasturini to'xtatish va uning mamlakatga kirish huquqini cheklashni talab qilmoqda. Nyu-Yorkning Brayton-Bich hududida 9 may kuni o'tkazilishi belgilangan tadbir mahalliy rasmiylarning keskin e'tiroziga sabab bo'ldi.

Nasso okrugi rahbari Bryus Bleykman hamda shtat Assambleyasi a'zolari Maykl Novaxov va Alek Bruk-Krasni xonandani antisemitizmda ayblamoqda. Deputat Novaxovning so'zlariga ko'ra, Usmonovaga avvalroq yahudiy xalqi haqida aytgan gaplari uchun ommaviy uzr so'rash sharti qo'yilgan va buning uchun bir hafta muhlat berilgan.

Biroq ijrochi ushbu talabni bajarmagan. Mazkur holat sababli siyosatchilar AQSh Davlat kotibi Marko Rubio nomiga rasmiy murojaat yo'lladi.

Maktubda xonandaga berilgan barcha toifadagi Amerika vizalarini bekor qilish so'ralgan. Ziddiyatli masala yuzasidan 4 may kuni Nyu-York shahrida matbuot anjumani o'tkazilishi belgilangan.

Hozircha Yulduz Usmonova yoki uning vakillari tomonidan mazkur ayblovlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirilganicha yo'q.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish