
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish masalasi kun tartibiga chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida mintaqaviy darajada faoliyat yuritadigan maxsus tuzilma — TURKPOL tashkilotini ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur tuzilma o‘z vazifalari va funksional imkoniyatlari jihatidan xalqaro miqyosda tan olingan Interpol hamda Yevropol tashkilotlariga o‘xshash modelda ish olib borishi ko‘zda tutilgan.
Bu tashabbus turkiy davlatlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, axborot almashinuvi va tezkor hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Taklif etilgan mazkur g‘oya Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlarning ushbu tashabbusga ijobiy munosabat bildirishi kelgusida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar uyg‘unlashishidan dalolat beradi. Hozirgi kunda ushbu loyihani amalga oshirish mexanizmlari va uning huquqiy asoslarini shakllantirish bo‘yicha dastlabki maslahatlashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda.






Izohlar
0