
Toshkent shahrida fuqaroni soxta hujjatlar yordamida xususiy oliy ta’lim muassasalaridan birining uchinchi bosqichiga o‘qishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar 7500 dollar miqdoridagi pul mablag‘ini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Mazkur operatsiya Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlarining hamkorligida amalga oshirildi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Rossiya Federatsiyasidagi oliy o‘quv yurtlaridan birida ikki yil davomida tahsil olganiga oid soxta ma’lumotnomalarni tayyorlab, ulardan foydalangan holda firibgarlik sxemasini amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan gumonlanuvchilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ham o‘rganilmoqda.






Izohlar
0