
Ikkilamchi bozorda uzoq vaqt davomida xaridorlar eʼtiborini tortmagan va qiymati 100–200 dollar atrofida baholanib kelingan Nvidia CMP 170HX mayning tezlatkichlari kutilmaganda talabga ega boʻldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur qurilmalarning bozor narxi qisqa vaqt ichida bir necha barobarga oshib ketdi. Ixbt.com nashrining maʼlum qilishicha, ushbu holatga texnik yangilanish sabab boʻlgan.
Xususan, mutaxassislar maxsus dasturiy taʼminot yordamida ushbu qurilmalarning xotira hajmini sezilarli darajada kengaytirish imkoniyatini topishgan. Ilgari faqat kriptovalyuta qazib olish uchun moʻljallangan va funksional jihatdan cheklangan ushbu tezlatkichlar, endilikda xotira hajmining ortishi evaziga boshqa vazifalarni bajarishda ham samarali qoʻllanilishi mumkin.
Aynan shu omil foydalanuvchilar va kolleksionerlar oʻrtasida Nvidia CMP 170HX modellariga boʻlgan qiziqishni qayta uygʻotdi. Hozirgi kunda ushbu texnik vositalarning qiymati sezilarli darajada koʻtarilib, savdo maydonchalarida yangi narxlar shakllangan.
Mutaxassislar ushbu oʻzgarishni eski apparat vositalarining imkoniyatlarini yangi dasturiy yechimlar orqali kengaytirish borasidagi muvaffaqiyatli urinish deb baholamoqda.






Izohlar
0