
Navoiy viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq navbatdagi holat fosh etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Konimex tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilgan Cobalt rusumli avtomobil ko‘zdan kechirilganda, unda harakatlanib kelayotgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining yonida taqiqlangan moddalar borligi aniqlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruv jarayonida mazkur shaxsdan umumiy og‘irligi 2 kilogramm 87 grammga teng bo‘lgan opiy giyohvandlik vositasi topilib, daliliy ashyo sifatida olindi.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida gumonlanuvchi ushbu moddani chegaradosh hududdagi yashirin joydan olganligini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, giyohvandlik vositasi qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan va narkokuryerlar tomonidan maxsus belgilangan joyga qoldirilgan.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mazkur jinoyatning barcha ishtirokchilarini aniqlash va qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.






Izohlar
0