
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida yuz bergan hodisa jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda 1-sinf o‘quvchisining o‘qituvchi tomonidan jismoniy tazyiqqa uchragani aks etgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘quvchining darslikdagi matnni o‘qib bera olmagani pedagogning keskin munosabatiga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi zudlik bilan rasmiy munosabat bildirdi. Hozirgi vaqtda boshqarma tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, holatning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda va xizmat tekshiruvi jarayonlari boshlab yuborildi.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, o‘qituvchining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi hamda qonunchilik doirasida tegishli intizomiy choralar ko‘rilishi belgilangan. Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash va o‘qituvchi hamda o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlarda pedagogik etika qoidalariga rioya etilishi masalasi nazoratga olingan.
Tegishli idoralar tomonidan holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda.






Izohlar
0