
Toshkent shahridagi Chorsu bozorida o‘zining ko‘cha ijodkorligi hamda qo‘shiqchiligi bilan tanilgan Bozorboy ismli shaxs Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ushlab ketilayotgan vaqtda jarohat olganini ma’lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan videolavhada fuqaroning qo‘li tibbiy fiksator yordamida bog‘langani aks etgan. U o‘z murojaatida mazkur jarohat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining harakatlari natijasida yuzaga kelganini ta’kidlamoqda.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan aniq ma’lumotlar yetarli emas. Xususan, jarohat aynan qaysi vaqtda va qanday sharoitda olinganiga aniqlik kiritilmagan.
Shuningdek, fuqaroning qo‘li singani haqidagi da’vo tibbiy muassasa tomonidan rasmiy tashxis orqali tasdiqlanganmi yoki yo‘q, bu borada hozircha biror bir rasmiy hujjat yoki xulosa e’lon qilinmadi. Voqea tafsilotlari va Milliy gvardiya xodimlarining ushbu holat bo‘yicha munosabati jamoatchilik e’tiborida qolmoqda.
Tegishli organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilishi va holatga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.






Izohlar
0