
O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda tegishli vazirliklar yaqinlashib kelayotgan ob-havo o‘zgarishlari yuzasidan navbatdagi ogohlantirishni e’lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Prognozlarga ko‘ra, joriy yilning 4 va 5 noyabr kunlari mamlakatimiz hududiga kirib keladigan nam havo oqimlari ta’sirida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilmoqda. Mazkur atmosfera hodisalari respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida gidrologik vaziyatning murakkablashishiga, xususan, sel va suv toshqinlari yuzaga kelish xavfining ortishiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar ushbu davrda tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholini, shuningdek, dam olish maqsadida ushbu zonalarga tashrif buyurayotgan fuqarolarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirmoqda. Shuningdek, tog‘li dovonlar va hududlardan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida harakatlanayotgan haydovchilardan yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfli vaziyatlarda xavfsizlik talablarini bajarish so‘raladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan barcha zaruriy tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Aholidan ob-havo ma’lumotlarini muntazam kuzatib borish va rasmiy xabarlarga amal qilish tavsiya etiladi.






Izohlar
0