
Toshkent shahrida jamoat transporti harakati barqarorligini taʼminlash hamda avtobuslarning qatʼiy belgilangan jadval asosida qatnashiga erishish maqsadida nazorat mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Shahar yo‘llarida jamoat transporti uchun maxsus ajratilgan A tasmasida harakatlanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida yangi texnik yechimlar joriy etilmoqda. Xususan, poytaxtdagi yo‘lovchi avtobuslarining old qismiga maxsus videokameralar o‘rnatish jarayoni boshlanadi.
Ushbu qurilmalar avtobus harakati davomida maxsus yo‘lakka noqonuniy kirgan yoki qoidabuzarlik sodir etgan transport vositalarini avtomatik tarzda qayd etib boradi. Mazkur tashabbus yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirish va yo‘lovchilarga qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, joriy yilning 1 noyabridan boshlab ushbu tizimning to‘liq ishga tushirilishi va qoidabuzarliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi rejalashtirilgan. Yangi tartib shahar transport tizimi samaradorligini oshirish hamda jamoat transporti ustuvorligini taʼminlash uchun muhim qadam hisoblanadi.
Mutasaddilar mazkur tizim orqali haydovchilarning intizomini mustahkamlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishni ko‘zlagan.






Izohlar
0