Hyundai kompaniyasi faqat Xitoy uchun mo'ljallangan Ioniq V elektromobilini taqdim etdi
Janubiy Koreyaning Hyundai avtokonserni Pekin avtosalonida faqat Xitoy ichki bozori uchun ishlab chiqilgan Ioniq V elektr sedanini namoyish qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ixbt.com nashri bergan ma'lumotga ko'ra, ushbu model brendning global assortimentidagi boshqa avtomobillardan keskin farq qiladi va kompaniyaning Origin deb nomlangan yangi dizayn falsafasini o'zida mujassam etadi. Elektromobilning tashqi ko'rinishi o'ziga xos o'tkir qirralar va burchakli shakllar bilan ajralib turadi, bu esa mutaxassislarda Tesla Cybertruck uslubini yodga solmoqda.
Yangi modelning gabarit o'lchamlari bo'yicha uzunligi 4 900 mm, g'ildiraklar bazasi esa 2 900 mm ni tashkil etadi. Ushbu ko'rsatkichlar bo'yicha avtomobil Ioniq 6 modeliga yaqin turadi.
Salonda haydovchi va yo'lovchilar uchun 27 dyuymli 4K aniqlikdagi panoramali ekran, proeksion displey hamda Dolby Atmos tizimi bilan jihozlangan audio qurilmalar o'rnatilgan. Texnik tavsifiga ko'ra, Ioniq V 800 voltli platforma asosida yaratilgan bo'lib, bu quvvatni yuqori tezlikda to'ldirishga xizmat qiladi.
To'liq quvvat bilan elektromobil 600 km dan ortiq masofani bosib o'tish imkoniyatiga ega. Hyundai rahbariyati Xitoy bozorini global rivojlanishning strategik markazi deb hisoblamoqda.
Shu sababli kompaniya kelgusi besh yil ichida ushbu mamlakatda 20 ta yangi modelni, jumladan, elektr va gibrid avtotransport vositalarini sotuvga chiqarishni rejalashtirgan.