Buxoroda 1 115 litr noqonuniy etil spirti savdosi to'xtatildi
Buxoro viloyatida etil spirtining noqonuniy savdosi bilan shug'ullangan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament bergan ma'lumotga ko'ra, Jondor tumanida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor va yana bir fuqaro o'zaro til biriktirib, qonunga zid ravishda spirt sotishni yo'lga qo'ygan. O'tkazilgan tekshiruvlar natijasida ushbu shaxslar hech qanday litsenziya va tegishli hujjatlarsiz jami 1 115 litr etil spirtini sotgani tasdiqlandi.
Noqonuniy aylanmadagi mahsulotlarning umumiy bozor qiymati 72 mln so'mni tashkil etgan. Surishtiruv davomida mazkur mahsulotlar birja savdolari niqobi ostida Olot tumani tibbiyot birlashmasi hamda boshqa budjet tashkilotlariga pul o'tkazish yo'li bilan yetkazib berilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.