Asaka tumanida haj ziyoratiga yuborishni va'da qilgan firibgar ushlandi
Andijon viloyatining Asaka tumanida fuqarolarni aldab, ularning mablag'larini o'zlashtirmoqchi bo'lgan shaxs qo'lga olindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda jinoyat ustida ushlash operatsiyasi amalga oshirildi. Aniqlanishicha, fuqaro M.Ch.
ikki nafar shaxsni — A.I. va B.X.ni haj ziyoratiga yuborish haqida yolg'on va'da bergan.
Mazkur xizmati evaziga u jami 18 000 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan. Gumonlanuvchi kelishilgan mablag'ning yarmi, ya'ni 9 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda va voqeaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritilmoqda.
Mutaxassislar diniy safarlarni tashkil etishda faqat rasmiy va ishonchli tashkilotlar xizmatidan foydalanish zarurligini eslatib, fuqarolarni hushyorlikka chaqirmoqda.