Apple kompaniyasi MacBook Ultra noutbukini taqdim etishga tayyorgarlik ko'rmoqda
Apple kompaniyasi MacBook Ultra deb nomlangan yangi noutbuk modelini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Butlovchi qismlar yetkazib beruvchi manbalarga tayanib Ixbt.com nashrining xabar berishicha, xotira bozoridagi cheklovlar sababli qurilma relizi 2026 yil oxiridan 2027 yil boshiga ko'chirildi. Ushbu gadjet o'zining texnik ko'rsatkichlari bilan hozirgi MacBook Pro versiyalaridan sezilarli darajada farq qiladi.
Kutilayotgan MacBook Ultra kompaniyaning OLED displey bilan jihozlangan ilk noutbuki bo'lishi aytilmoqda. Amaldagi mini-LED panellar o'rniga qora rangni yanada tiniqroq aks ettiruvchi yangi matritsa qo'llaniladi.
Shuningdek, ekranga sensorli qatlam qo'shilishi rejalashtirilgan bo'lib, bu foydalanuvchilarga tizim va ilovalarni barmoq teginishlari orqali boshqarish imkonini beradi. Qurilma dizaynida ham qator o'zgarishlar kutilmoqda.
Xususan, displey yuqorisidagi an'anaviy kamera o'yig'i o'rniga kichik teshik ochiladi. Interfeysda esa smartfonlardagi kabi bildirishnomalar va tizim holatini ko'rsatuvchi maxsus soha joriy etiladi.
Apple yangi noutbukda TSMC kompaniyasining 2 nanometrli texnologiyasi asosida tayyorlanadigan M6 Pro va M6 Max protsessorlaridan foydalanadi. OLED panellari va ichki qismlarning ixcham joylashishi natijasida korpus qalinligi qisqarishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, noutbukka Apple tomonidan ishlab chiqilgan C1X yoki C2 modemlari yordamida 5G va LTE aloqa modullarini integratsiya qilish masalasi ko'rib chiqilmoqda.