Mirziyoyev 13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo choralarini ko'rishni topshirdi
Prezident Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan yig'ilishda 2024 yilning birinchi choragidagi iqtisodiy natijalar tanqidiy tahlil qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Sanoat ko'rsatkichlari bo'yicha belgilangan rejalarni bajarmagani uchun Toshkent shahrining Sergeli va Shayxontohur tumanlari, shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo va boshqa viloyatlardagi jami 13 ta tuman hokimlariga nisbatan intizomiy choralar ko'rilishi belgilandi. Davlat rahbari elektrotexnika sanoatidagi sustkashliklarga alohida to'xtaldi.
Ushbu tarmoqda misni qayta ishlash darajasi pastligi sababli ishlab chiqarish o'sishi kutilgan 11,2 % o'rniga 7,8 % ni tashkil etgan. Eksport rejasi esa atigi 57 % ga bajarilgan.
Mirziyoyev mas'ul rahbarlar oldiga ikkinchi chorak yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmini 25 trln so'mga, eksportni esa 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qo'ydi. Yig'ilishda to'qimachilik, mebelsozlik va qurilish materiallari tarmoqlari uyushmalari faoliyati ham tanqid qilindi.
Prezident ushbu uyushmalar xorijiy tajribani tatbiq etishda sustkashlikka yo'l qo'yayotganini ta'kidladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 100 ta korxonada ish unumdorligini oshirish dasturi uchun 30 mln dollar grant mablag'larini jalb etish topshirildi.
Eksport ko'rsatkichlari 70 % dan past bo'lgan Jizzax, Navoiy va Namangan kabi shaharlar hamda qator tumanlar rahbarlari rasman ogohlantirildi. Agarda yarim yillik yakunlari bo'yicha vaziyat o'nglanmasa, ushbu mutasaddilar lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, eksport bozorlarini kengaytirish va logistika muammolarini bartaraf etish bo'yicha yaxlit tizim yaratish zarurligi qayd etildi.