Jalaquduqda kadastr bo'limi rahbari 3 000 AQSh dollari bilan bog'liq firibgarlikda gumonlanmoqda
Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida kadastr bo'limi rahbarining noqonuniy faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan to'xtatildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Aniqlanishicha, mansabdor shaxs mahalliy fuqaroga yer maydoni ajratib berishni va'da qilib, undan 3 000 AQSh dollari miqdoridagi mablag'ni firibgarlik yo'li bilan olgan. Surishtiruv jarayonida ma'lum bo'lishicha, bo'lim rahbari fuqaroga mahalla hududidan yer ajratilgani to'g'risida soxta ma'lumot bergan va go'yoki tegishli qaror qabul qilinganiga ishontirgan.
Biroq o'tkazilgan tekshiruvlar ushbu vajlarning asossiz ekanini va fuqaro aldanganini ko'rsatdi. Tezkor tadbir davomida kadastr bo'limi xodimi rahbarning ko'rsatmasiga binoan olingan pullarni fuqaroga qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari tartibida jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda holatning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0