
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti 2027 yilga mo‘ljallangan soliq siyosatining yangi konsepsiyasini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur hujjatda soliq tizimini optimallashtirish va budjet xarajatlarini samarali boshqarishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilgan. Eng muhim va muhokamalarga sabab bo‘layotgan takliflardan biri bu aholiga to‘lanadigan 1 foizlik keshbek tizimini to‘liq bekor qilish tashabbusidir.
Institut tahlilchilarining fikricha, keshbek mexanizmi o‘zining birlamchi vazifasi bo‘lgan iqtisodiyotni shaffoflashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish kabi maqsadlarni bajarib bo‘ldi. Shuningdek, mazkur tizim davlat budjeti uchun sezilarli moliyaviy yuklamani keltirib chiqarmoqda.
Xususan, 2027 yilda keshbek to‘lovlari uchun sarflanadigan mablag‘ hajmi taxminan 2,1 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Shu bois, ekspertlar ushbu mablag‘ni ijtimoiy soha va boshqa ustuvor loyihalarga yo‘naltirish maqsadga muvofiq, deb hisoblamoqda.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va fiskal barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning bir qismi sifatida baholanmoqda. Hozirda ushbu masala bo‘yicha jamoatchilikning fikr-mulohazalari o‘rganilmoqda va yakuniy qaror tahlillar natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.






Izohlar
0