Tojikiston milliy valyutasi dunyoning eng yaxshi banknotalari ro'yxatiga kirdi
Tojikistonning 2025 yilgi namunadagi 100 somoniy qiymatidagi banknotasi xalqaro miqyosda e'tirof etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mazkur pul belgisi nufuzli "Yil banknotasi" tanlovida nominatsiyaga loyiq ko'rildi. Xalqaro banknotalar jamiyati (IBNS) ma'lumotlariga ko'ra, 2025 yil davomida dunyo bo'ylab muomalaga chiqarilgan 100 ga yaqin yangi banknotadan faqat 17 tasi dizayn va texnologik innovatsiyalari uchun yakuniy ro'yxatga kiritilgan.
Mintaqadan ushbu ro'yxatga Tojikiston bilan bir qatorda Rossiya (1000 rubl) va Qozog'iston (1000 tenge) pullari ham kiritilgan. 100 somoniylik banknota moviy, ko'k, pushti va yashil ranglar uyg'unligida ishlangan bo'lib, unda milliy tarixiy meros aks ettirilgan.
Kupyuraning old qismida Ismoil Somoniy portreti va Somoniylar maqbarasi, orqa tomonida esa parlament binosi hamda davlat bayrog'i tasvirlangan. Germaniyaning Giesecke & Devrient kompaniyasida chop etilgan ushbu pul belgisi suv belgilari va rang o'zgaruvchi effektlar kabi zamonaviy xavfsizlik tizimi bilan himoyalangan.
Tanlov yakunlariga ko'ra, bosh mukofotni Kyurasao va Sint-Martenning 200 guldenlik banknotasi qo'lga kiritdi. Kuchli beshlikdan Fiji, Zambiya, Folklend orollari va Papua-Yangi Gvineya pul birliklari o'rin oldi.
Tojikiston banknotasi 2025 yil 30 oktabr kuni muomalaga chiqarilgan bo'lib, uning nufuzli reytingdan joy olishi xalqaro darajadagi yutuq sifatida baholanmoqda.