Mirziyoyev Farg'ona vodiysida yangi elektropoyezd qatnovini ochib berdi
Farg'ona vodiysi viloyatlarida transport tizimini rivojlantirish maqsadida Andijon, Qo'qon, Marg'ilon va Namangan shaharlarini o'zaro bog'laydigan zamonaviy elektropoyezd qatnovi yo'lga qo'yildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Loyihaning ochilish marosimida Prezident Mirziyoyev ishtirok etdi va jamoatchilik vakillari bilan birga Qo'qondan Marg'ilongacha bo'lgan masofani yangi poyezdda bosib o'tdi. Mazkur tashabbus 2030 yilgacha temiryo'l transportida yo'lovchi tashish hajmini oshirish strategiyasi doirasida hayotga tatbiq etildi.
Jami 324 km uzunlikdagi temiryo'l halqasi vodiy shaharlari o'rtasidagi aloqani mustahkamlab, aholi uchun arzon transport xizmatini taqdim etadi. Olti vagondan iborat elektropoyezd Toshkent yo'lovchi vagonlari zavodida ishlab chiqarilgan bo'lib, 586 nafar yo'lovchiga mo'ljallangan.
Texnika soatiga 120 km tezlikda harakatlanish imkoniyatiga ega. Chipta narxlari hamyonbop etib belgilangan: xususan, Qo'qon va Marg'ilon shaharlari o'rtasidagi yo'l haqi 15 000 so'mni tashkil qiladi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko'ra, yangi yo'nalishda kuniga 1 500 nafar, yiliga esa 600 mingga yaqin yo'lovchiga xizmat ko'rsatiladi. Poyezd tarkibi konditsioner, Wi-Fi tarmog'i, USB-portlar va iqlim nazorati tizimi bilan jihozlangan.
Shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslar hamda velosipedlar uchun maxsus joylar ajratilgan, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida videokuzatuv tizimi o'rnatilgan. Safar davomida Mirziyoyev hudud faollari bilan muloqot qilib, loyihaning ijtimoiy samaradorligiga to'xtaldi.
Davlat rahbari bekatlar atrofida servis va turizmni rivojlantirish orqali yangi ish o'rinlari yaratish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Yangi transport yo'lagi vodiy aholisi uchun masofalarni qisqartirish bilan birga, iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.