Shri-Lankada 110 kg dan ortiq giyohvand modda olib kirishga uringan 22 nafar rohib ushlandi
Shri-Lankaning Bandaranaike xalqaro aeroportida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Kolombo shahri yaqinida joylashgan ushbu havo bandargohida Tailanddan uchib kelgan 22 nafar buddist rohib to'xtatib qolindi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ularning yuklari orasidan 112 kg og'irlikdagi kannabis va gashish moddalarini aniqlagan.
Mazkur holat aeroport tarixidagi eng yirik giyohvand moddalar savdosi bilan bog'liq jinoyatlardan biri sifatida qayd etildi. "Daily Mirror" nashrining yozishicha, musodara qilingan yukning umumiy qiymati 1,1 mlrd Shri-Lanka rupiyasini yoki taxminan 3,45 mln AQSh dollarini tashkil etadi.
Qo'lga olingan shaxslar 26 aprel kuni Negombo shahri sudiga keltirildi. Surishtiruv davomida guruhning 30 yoshgacha bo'lgan a'zolari Facebook ijtimoiy tarmog'i orqali jalb qilingani ma'lum bo'ldi.
Ularga bepul aviachipta va yashash xarajatlari va'da qilingan hamda yuklar ichida maktab o'quvchilari uchun o'quv qurollari borligi aytilgan. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, jinoiy sxemaga mamlakat g'arbidagi ibodatxonalardan birining uch nafar rohibi rahbarlik qilgan.
Shuningdek, Gampaha hududida kontrabanda tashkilotchisi ekani gumonlanayotgan shaxs ham hibsga olindi. Aniqlanishicha, ushbu guruh o'tgan oyda ham 12 nafar rohib yordamida shunga o'xshash operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirgan va navbatdagi safarni rejalashtirib qo'ygan edi.