Rossiyaning Sochi shahri xalqaro aeroportida yo‘lovchilarni sarosimaga solgan g‘ayritabiiy hodisa qayd etildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Aeroport hududidagi hojatxonalardan biriga kirgan ayol sanitariya tugunida ilon borligini aniqlagan. Voqea joyida tasvirga olingan videolavhalarda sudralib yuruvchi jonivorning unitaz yaqinida joylashib olgani yaqqol ko‘rinadi.
Ushbu holat nafaqat bevosita hodisaga duch kelgan yo‘lovchini, balki atrofdagi boshqa insonlarni ham jiddiy xavotirga soldi. Voqea guvohi vaziyatni zudlik bilan videotasvirga olib, aeroport ma’muriyatiga xabar bergan.
Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgach, keng jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar jamoat joylarida, xususan, aeroportlarda sanitariya-gigiyena qoidalari va xavfsizlik choralariga rioya etilishi yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirishmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aeroport xodimlari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, vaziyatni nazoratga olishgan. Ular yo‘lovchilarni xotirjamlikka chaqirib, vahima qilmaslikni so‘ragan.
Hozirgi vaqtda ilonning aeroport hududiga qanday kirib qolgani va voqeaning boshqa tafsilotlari bo‘yicha rasmiy idoralar tomonidan aniq izoh berilmagan. Mutaxassislar hodisa sabablarini o‘rganishda davom etmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0