Kunar universitetiga hujum: Afg'oniston va Pokiston o'rtasidagi ziddiyat keskinlashdi
Afg'oniston hukumati Pokiston qurolli kuchlarini Kunar viloyatidagi universitet hududini o'qqa tutganlikda aybladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Xalqaro OAV ma'lumotlariga ko'ra, 26 aprel kuni sodir bo'lgan ushbu hujum oqibatida 7 kishi halok bo'ldi, 70 dan ortiq fuqaro turli darajadagi tan jarohatlarini oldi. Guvohlar va mahalliy ma'muriyat vakillari zarbalar minomyot hamda raketalar orqali berilganini tasdiqladi.
Shuningdek, ba'zi manbalar harbiy aviatsiya va dronlar qo'llanilgan bo'lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Fojia oqibatida jabrlanganlarning aksariyati talabalar va o'qituvchilardir.
Universitet professorlaridan birining so'zlariga ko'ra, kuchli portlashlar bevosita kampus hududida yuz bergan. Pokiston tomoni ushbu ayblovlarni rasman rad etib, Afg'oniston hukumatining bayonotlarini asossiz deb atadi.
Mazkur voqea mintaqadagi xavfsizlik holati yomonlashayotgan bir paytda yuz berdi. Bir necha hafta muqaddam Kobuldagi reabilitatsiya markaziga berilgan zarba oqibatida 269 kishi vafot etgan edi.
2021 yilda Afg'onistonda hokimiyat almashganidan so'ng, ikki davlat o'rtasidagi chegara hududlarida qurolli to'qnashuvlar va siyosiy ziddiyatlar muntazam ravishda davom etmoqda. BMT va xalqaro kuzatuvchilar vaziyat yanada murakkablashishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.