Xavi: «Rafinyani "Barselona"ga transfer qilishni shaxsan o'zim so'raganman»

0
Xavi: «Rafinyani "Barselona"ga transfer qilishni shaxsan o'zim so'raganman»
Xavi: «Rafinyani transfer qilishni shaxsan o'zim talab qilganman» «Barselona» klubi sobiq bosh murabbiyi Xavi Ernandes braziliyalik vinger Rafinya Diasning jamoaga kelib qo'shilishi tafsilotlari haqida to'xtalib o'tdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

Ma'lumki, kataloniyaliklar ushbu futbolchini 2022-yilning yozida Angliyaning «Lids» klubidan sotib olgan edi. Garchi futbolchi o'z imkoniyatlarini darhol namoyish eta olmagan bo'lsa-da, vaqt o'tishi bilan jamoaning asosiy yetakchilaridan biriga aylandi.

Xavining ta'kidlashicha, u futbolchini hali Portugaliya chempionatida o'ynab yurgan vaqtlaridanoq kuzatib kelgan. Murabbiy hatto Qatarning «Al-Sadd» klubida ishlagan davrida ham Rafinyani o'z jamoasida ko'rishni istaganini yashirmadi.

«Rafinyaning transferiga aynan men qattiq turib olganman va klub rahbariyatiga uni sotib olish bo'yicha ko'rsatma berganman. «Barselona»da ishlashni boshlagach, Mateu Alemani va Yordi Kroyfga ushbu futbolchini tarkibga qo'shib olishimiz shartligini aytdim.

U gol urishni biladi, yakkama-yakka kurashlarda kuchli va bo'sh zonalarga samarali hujum qiladi. Men doimo unga ishonch bildirishga harakat qilganman», — deya murabbiyning so'zlarini keltirmoqda Barca Universal nashri.

Ma'lumot o'rnida, Rafinya «Barselona» safida barcha turnirlar doirasida jami 175 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Mazkur o'yinlarda u 73 ta gol urishga va 59 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi.

Hozirda braziliyalik futbolchi kataloniyaliklar hujum chizig'ining ajralmas qismi hisoblanadi.
Bu maqola qanday bo'ldi?
UZ.NEWS muallifi
Maʻlumot Mehmonlar guruhiga tashrif buyuruvchilar ushbu nashrga sharh qoldirishlari mumkin emas.

Top Sport yangiliklari