
Tim Shervud: «Chelsi» rahbariyati kompyuterda futbol menejeri o'yinini o'ynamoqda» «Tottenxem» klubining sobiq futbolchisi va murabbiyi Tim Shervud Londonning «Chelsi» klubi rahbariyati yuritayotgan siyosatni keskin tanqid qildi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mutaxassisning fikricha, klub boshqaruvi soha mutaxassislariga topshirilishi zarur. «Futbol bilan bog'liq ishlarni ichkaridan biladigan insonlar boshqarishiga imkon bering.
«Chelsi»da besh nafar sport direktori bor, ammo ularning hech biri ilgari futbol o'ynamagan. Masalan, men uy qurmoqchi bo'lsam, bu ishni ilgari uy qurgan odamga topshiraman, o'zini qura olaman deb hisoblaydigan havaskorga emas.
«Chelsi» rahbariyati xuddi kompyuterda futbol menejeri o'yinini o'ynayotgandek taassurot qoldirmoqda», — dedi Shervud Sky Sports telekanaliga bergan intervyusida. Ma'lumot uchun, hozirgi vaqtda «Chelsi» Angliya premyer ligasi turnir jadvalida 34 turdan so'ng 48 ochko jamg'argan holda sakkizinchi o'rinda bormoqda.
Klub so'nggi yillarda transferlar uchun katta mablag' sarflayotgan bo'lsa-da, barqaror natijalarga erisha olmayotgani mutaxassislar va muxlislar e'tiroziga sabab bo'lmoqda.