
Londonning «Tottenxem» klubi rahbariyati jamoada yuzaga kelgan inqirozli holatni chuqur tahlil qilib, vaziyat o'z-o'zidan ijobiy tomonga o'zgarmasligini tan oldi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Mavjud muammolarni bartaraf etish uchun nafaqat jamoaning ruhiy holatini tiklash, balki klub ma'muriyatini ham kuchaytirish zarur degan xulosaga kelindi. The Sun nashri xabariga ko'ra, «shporlar» ushbu maqsad yo'lida «Borussiya Dortmund» klubining sobiq sport direktori Sebastyan Kel nomzodini ko'rib chiqmoqda.
Kel o'zining qat'iyatliligi va intizomga bo'lgan talabchanligi bilan tanilgan. Xususan, u Germaniyadagi faoliyati davomida yulduz futbolchi Jud Bellingemning otasi bilan yuzaga kelgan mojaroda o'z pozitsiyasini himoya qila olgani bilan e'tiborga tushgan edi.
O'shanda kichik Bellingem «Borussiya Dortmund» sharafini himoya qilayotgan vaqtda, uning otasi klub kiyinish xonasiga erkin kirib-chiqishga va murabbiy ishiga aralashishga harakat qilgan. Sebastyan Kel bunday tartibsizlikka chek qo'yib, futbolchining otasini klub hududidan chiqarib yuborgan.
Shundan so'ng Germaniya klubi rahbariyati futbolchilarning yaqinlariga «Iduna Park» bazasiga kirishni rasman taqiqlagan edi. Endilikda «Tottenxem» rahbariyati aynan shunday qat'iyatli mutaxassis klub ichidagi tartibni tiklashiga umid qilmoqda.