
«Bavariya» kuzatuv kengashi a'zosi Karl-Xayns Rummenigge jamoa hujumchisi Harri Keynning yangi bosh murabbiy Vensan Kompani qo'l ostida qanday o'zgargani haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Klub mutasaddisining so'zlariga ko'ra, angliyalik futbolchining o'yin uslubida jiddiy transformatsiya kuzatilgan. Rummenigge Keynning nafaqat to'purar, balki jamoaviy o'yinni shakllantiruvchi yetakchi sifatidagi rolini alohida e'tirof etdi.
«Keyn har doim ko'plab gollar uradigan ajoyib hujumchi bo'lgan. Biroq hozirda u Kompani qo'l ostida pleymeykerga aylandi.
Harri yarim himoyaga tushib, o'zining aniq va uzoq masofali uzatmalari orqali Olis hamda Diasni o'yinga jalb qilmoqda. Bu bizning o'yin uslubimiz uchun juda muhim ahamiyatga ega», — deya ta'kidladi Rummenigge T-Online nashriga bergan intervyusida.
Ma'lumot uchun, Harri Keyn Myunxenning «Bavariya» klubi safida shu vaqtga qadar jami 141 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 138 ta gol va 32 ta golli uzatmani yozdirib qo'ygan. Angliyalik forvardning Germaniya grand klubi bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2026/2027 yilgi mavsum yakuniga qadar mo'ljallangan.
Eslatib o'tamiz, «Bavariya» joriy mavsumda ham Germaniya chempionligini muddatidan avval qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi.