
Italiyaning «Roma» klubi qanot hujumchisi Brayan Saragosaning kelajagi borasida yakuniy qarorga keldi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Taniqli insayder Fabrisio Romanoning ma’lum qilishicha, Rim klubi 24 yoshli ispaniyalik futbolchining transfer huquqini sotib olish niyatida emas. Shu tariqa, joriy mavsum yakunlangach, Saragosa o‘zi tegishli bo‘lgan Myunxenning «Bavariya» klubiga qaytadi.
Ma’lumot uchun, «Roma» hujumchini joriy yilning fevral oyida ijaraga olgan edi. Biroq futbolchi Rim jamoasi safida o‘zini ko‘rsata olmadi.
U o‘tgan vaqt davomida bor-yo‘g‘i 6 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi. Vingerning «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilga qadar mo‘ljallangan.
«Transfermarkt» portalining tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, Brayan Saragosaning hozirgi bozordagi transfer qiymati 10 mln yevroni tashkil etadi. Futbolchi Germaniyaga qaytgach, uning keyingi faoliyati myunxenliklar rahbariyati va murabbiylar shtabi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.