
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettiradigan bo‘ldi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Italiyalik insayder Nikolo Skira xabariga ko‘ra, «Istambul Bashakshexir» klubi hujumchining transfer huquqini «Roma»dan to‘liq sotib oldi. Ma’lum bo‘lishicha, turk klubi ijara shartnomasida ko‘rsatilgan bandlarni bajargan va 30 yoshli futbolchi uchun Rim klubiga 2,8 mln yevro to‘lagan.
Shomurodov «Istambul Bashakshexir» bilan 2029-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnoma imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, «Roma» futbolchining keyingi sotuvidan tushadigan foydaning 10 foiziga egalik qiladi.
O‘zbekistonlik hujumchi Turkiya superligasida o‘zining sermahsul o‘yini bilan ajralib turibdi. U joriy mavsumda 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 18 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Hozirda Shomurodov to‘purarlar poygasida «Trabzonspor» vakili Pol Onuachudan (22 ta gol) keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda. Eslatib o‘tamiz, Shomurodov faoliyati davomida «Rostov», «Jenoa», «Roma», «Speziya» va «Kalyari» kabi klublar sharafini himoya qilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0