
Myunxenning "Bavariya" klubi o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida "RB Leyptsig" jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, g‘alaba jamoa uchun qimmatga tushdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
O‘yin davomida tarkibdagi uch nafar asosiy futbolchi jarohat olib, maydonni muddatidan avval tark etishga majbur bo‘ldi. Uchrashuvning 84-daqiqasida yarim himoyachi Jamol Musiala kutilmaganda maydonga yiqildi.
Shifokorlar zudlik bilan unga yordam ko‘rsatish uchun yetib kelishdi. 23 yoshli futbolchi maydonni mustaqil tark etgan bo‘lsa-da, uning holati xavotir uyg‘otdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘yin vaqtida havo harorati 30 darajadan yuqori bo‘lgani sababli futbolchi o‘zini yomon his qilgan, bosh aylanishi va qon aylanishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. "Bavariya" sport direktori Maks Eberl vaziyatga izoh berar ekan, eng muhimi, futbolchining ahvoli barqarorlashganini ta’kidladi.
Shuningdek, himoyachi Kim Min Je va yarim himoyachi Konrad Laymer ham jarohat tufayli o‘yinni oxirigacha o‘tkaza olishmadi. Kim son qismidagi og‘riqlar sabab maydonni tark etgan bo‘lsa, Laymer raqib futbolchisi David Raum bilan to‘qnashuvdan so‘ng jiddiy zarba qabul qildi.
Maks Eberlning so‘zlariga ko‘ra, Laymerning oyog‘ida shish paydo bo‘lgani bois, ehtiyot chorasi sifatida almashtirilgan. Hozircha futbolchilarning tiklanish muddatiga oid aniq ma’lumotlar berilmadi.
Eslatib o‘tamiz, "Bavariya" o‘zining navbatdagi nazorat uchrashuvini 18-avgust kuni "Haydenhaym" jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Jamoa murabbiylar shtabi jarohatlangan futbolchilarning holatiga qarab, tarkibda o‘zgarishlar qilishga majbur bo‘lishi mumkin.






Izohlar
0