
"Milan" futbolchilari Avstraliya va Indoneziya bo'ylab o'tkazilgan xalqaro turne yakunlangach, qisqa muddatli ta'tilga chiqishdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Jamoa yarim himoyachisi Luka Modrich ushbu imkoniyatdan foydalanib, oilasi davrasida vaqt o'tkazish uchun Xorvatiyaga yo'l oldi. Tajribali futbolchi kecha tunda Milanga qaytib keldi.
E'tiborli jihati shundaki, jahon futboli yulduzi o'z manziliga yetib olish uchun oddiy byudjet aviakompaniyasi reysini tanlagan. "La Gazzetta dello Sport" nashrining xabar berishicha, Modrich samolyot bortida va aeroportda o'zi bilan to'qnash kelgan muxlislarning iltimoslarini rad etmagan.
U barcha xohlovchilar bilan suratga tushib, avtograf berishga ham vaqt topgan. Futbolchining bu kabi kamtarona xatti-harakati jamoatchilik va muxlislar tomonidan iliq kutib olindi.
Eslatib o'tamiz, sentyabr oyida Luka Modrich 41 yoshni qarshi oladi. Shunga qaramay, u o'z sport formasini yuqori darajada saqlab qolmoqda.
O'tgan oyda yarim himoyachi "Milan" klubi bilan amaldagi shartnomasini 2026/2027-yilgi mavsum yakuniga qadar uzaytirdi. Klub rahbariyati ham, murabbiylar shtabi ham tajribali futbolchining jamoa o'yiniga qo'shayotgan hissasini yuqori baholamoqda.






Izohlar
0