
"Milan" yarim himoyachisi Luka Modrich Italiya chempionati doirasida "Yuventus"ga qarshi kechgan bahsda jarohat olib, maydonni tark etdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko'ra, yuz suyagining ikki joyidan sinishi oqibatida futbolchi joriy klub mavsumining qolgan qismini o'tkazib yuborishi ma'lum qilingan edi. Bu holat "rossoneri" muxlislari va jamoa rahbariyatida jiddiy xavotir uyg'otgan edi.
Biroq Xorvatiyadagi manbalar va taniqli jurnalist Fabrisio Romano bergan ma'lumotlarga ko'ra, 40 yoshli futbolchi Jahon chempionatiga qadar safga qaytishga ulguradi. Modrichning tajribasi va mahorati terma jamoa uchun o'ta muhim ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlanmoqda.
Hozirda tajribali yarim himoyachining tiklanish jarayoni shifokorlar nazorati ostida davom etmoqda. Ma'lumot o'rnida, Luka Modrichning "Milan" klubi bilan amaldagi shartnomasi 2026-yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi.
Hozirda Italiya A seriyasi turnir jadvalida "Milan" jamoasi uchinchi o'rinni egallab turibdi. Bo'lajak Jahon chempionatining guruh bosqichida Xorvatiya terma jamoasi Angliya, Panama va Gana vakillariga qarshi maydonga tushadi.
Muxlislar sardorning ushbu muhim turnirda o'z jamoasiga yordam bera olishiga umid bildirishmoqda.