
Luis Enrike Chempionlar ligasida mutlaq rekord o'rnatdi "PSJ" bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi yarim finalining dastlabki uchrashuvida "Bavariya" ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng (5:4) musobaqa tarixidagi yangi rekordchiga aylandi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Ispaniyalik mutaxassis murabbiylik faoliyati davomida nufuzli turnirdagi 50-g'alabasini tantana qildi. UEFA matbuot xizmati xabariga ko'ra, Enrike ushbu natijaga rekord darajadagi qisqa vaqt ichida erishgan.
Murabbiyga 50 ta g'alabani qo'lga kiritish uchun bor-yo'g'i 77 ta uchrashuv yetarli bo'ldi. Shu tariqa, parijliklar ustozi o'z hamyurti, "Man Siti" bosh murabbiyi Gvardiola o'rnatgan natijani yangiladi.
Ma'lumot uchun, Gvardiola 50 ta g'alabaga erishish uchun 80 ta o'yin o'tkazgan edi. Luis Enrike 2023-yildan buyon "PSJ" klubini boshqarib kelmoqda.
O'tgan mavsumda Fransiya grandi uning qo'l ostida o'z tarixida ilk bor Chempionlar ligasi g'olibiga aylangan edi. Shuningdek, mutaxassis bundan o'n yil avval "Barselona" bilan ham ushbu turnirda zafar quchgan.