
Real Madrid klubi hujumchisi Kilian Mbappe Fransiya terma jamoasidagi jamoadoshi Usmon Dembele bilan munosabatlarida sovuqlik paydo bo‘lgani haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Futbolchi bu boradagi mish-mishlarni qat’iyan rad etib, ular o‘rtasida hech qanday ziddiyat mavjud emasligini ta’kidladi. L’Equipe nashriga bergan maxsus intervyusida Mbappe shaxsiy ambitsiyalar yoki kelgusidagi nufuzli mukofotlar uchun kechadigan raqobat ularning ko‘p yillik do‘stligiga aslo putur yetkaza olmasligini qayd etdi.
Goal.com manbasi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda sport matbuotida ikki yulduz o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani haqida turli taxminlar ilgari surilayotgan edi. Biroq Mbappe bu kabi xabarlarni asossiz deb atab, jamoadoshlik va shaxsiy do‘stlik tushunchalari uning uchun har doim ustuvor ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, maydon tashqarisidagi munosabatlar maydondagi o‘yin sifatiga ta’sir qilmasligi va ular o‘zaro hamjihatlikni saqlab qolishga intilishmoqda.






Izohlar
0