
Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi «Manchester Siti» yarim himoyachisi Jek Grilishni o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashga kirishdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Goal portali jurnalist Ekrem Konurga tayanib xabar berishicha, arab klubi ingliz futbolchisiga juda jozibador moliyaviy shartlar taklif qilishga tayyor. Manbaga ko‘ra, Saudiya klubi 30 yoshli futbolchiga yiliga 20 milliondan 23 million yevrogacha maosh to‘lashni rejalashtirmoqda.
Bu taklif Grilish uchun moliyaviy jihatdan ancha manfaatli bo‘lishi mumkin. Ayni damda ushbu transfer bo‘yicha asosiy raqobatchi sifatida Ispaniyaning «Atletiko Madrid» klubi tilga olinmoqda.
Biroq madridliklar masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Agar «Manchester Siti» o‘z futbolchisining transfer narxini pasaytirmasa yoki uni sotib olish huquqi bilan ijaraga berishga rozi bo‘lmasa, «Atletiko» faol harakatlarni amalga oshirmasligi kutilmoqda.
Shuningdek, Jek Grilishga AQSHning MLS chempionati vakillari ham qiziqish bildirmoqda. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda futbolchi ijara asosida «Everton» safida to‘p tepgan va 22 ta uchrashuvda 2 ta gol hamda 6 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Hozirgi kunda mutaxassislar yarim himoyachining bozor qiymatini 20 million yevro atrofida baholamoqda. Kelajakda futbolchi qaysi klubni tanlashi yaqin vaqtlar ichida ma’lum bo‘ladi.






Izohlar
0