Toshkentda All Seasons mehmonxonalari tarmog‘i barpo etilishi mumkin

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish1

Toshkentda All Seasons mehmonxonalari tarmog‘i barpo etilishi mumkinToshkent shahrida xitoylik investorlar ishtirokida zamonaviy biznes-mehmonxonalar tarmog‘ini barpo etish yuzasidan dastlabki rejalar ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov “Tashkent-Shiyi-Hotel-Administration” kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda ushbu loyihaning asosiy jihatlari muhokama qilindi. Xususan, poytaxtda All Seasons brendi ostida yangi mehmonxonalar majmuasini qurish tashabbusi ilgari surildi.

Ushbu loyiha Toshkentdagi turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xalqaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda biznes turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishni ko‘zlaydi. All Seasons mehmonxonalari, asosan, ishbilarmonlar va xizmat safarlari bilan tashrif buyuruvchilarning ehtiyojlariga moslashtirilgan bo‘lib, ular uchun yuqori sifatli va ishonchli xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tarmoqning tashkil etilishi poytaxtimizning xalqaro mehmonxona bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tomonlar, shuningdek, sohani rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mazkur loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, kompaniya vakillari V Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashishga taklif etildi.

Ushbu hamkorlik poytaxtimizda mehmonxona xizmatlari sifatini oshirish va raqobatbardosh muhitni shakllantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish