O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan III O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi doirasida Toshkent shahrini modernizatsiya qilishga qaratilgan umumiy qiymati 3,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan investitsiya va eksport bitimlari imzolandi. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu loyihalar poytaxt infratuzilmasini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.
Jumladan, shahar drenaj va irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda yomg‘ir suvlari muammosini hal etish uchun 400 million dollar yo‘naltiriladi. Transport tizimi va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga, xususan, tezyurar avtobuslar (BRT) yo‘laklarini barpo etish hamda ko‘priklar qurishga 1 milliard dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, transport va ijtimoiy obyektlar uchun yana 1 milliard dollar, zamonaviy uy-joy majmualarini qurishga 500 million dollar hamda tunu kun faoliyat yurituvchi ko‘ngilochar ko‘chalarni tashkil etishga 100 million dollar sarflanadi. Bundan tashqari, Yangi Avlod maxsus sanoat hududida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun 130 million dollarlik bitimlar imzolandi.
Ushbu loyihalarning barchasi EPC+F (muhandislik, xarid, qurilish va moliyalashtirish) modeli asosida amalga oshiriladi. Bu esa xarajatlar to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga qoplanishini, davlat budjetiga qo‘shimcha yuklama tushmasligini anglatadi.
Mazkur tashabbuslar poytaxtda yangi ish o‘rinlarini yaratish va shahar infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirishni maqsad qilgan.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0