Toshkentda yangi pullik yo‘llar va tezyurar magistrallar quriladi

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

Toshkentda yangi pullik yo‘llar va tezyurar magistrallar quriladiToshkent shahar hokimligi poytaxtdagi transport tizimini rivojlantirish hamda tirbandliklarni kamaytirish maqsadida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yangi infratuzilma loyihalarini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mazkur tashabbuslar amaldagi yo‘llarni pullik qilishni emas, balki mavjud tarmoqqa muqobil bo‘lgan zamonaviy yo‘llar qurishni ko‘zda tutadi. Loyihaning asosiy qismlaridan biri uzunligi qariyb 100 kilometrni tashkil etuvchi yangi pullik halqa yo‘lidir.

Ushbu magistral mavjud Toshkent halqa avtomobil yo‘liga qo‘shimcha dublyor vazifasini bajaradi. Uning barpo etilishi Qo‘yliq va Farhod bozorlari atrofidagi, shuningdek, shahar janubiy va sharqiy qismlaridagi transport oqimini sezilarli darajada yengillashtiradi.

Natijada tranzit yuk mashinalari shahar markaziga kirmasdan, belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi. Ikkinchi muhim loyiha poytaxt markazini Toshkent viloyatida qurilayotgan yangi xalqaro aeroport bilan bog‘lovchi tezyurar pullik magistraldir.

Mazkur yo‘l havo bandargohi foydalanishga topshirilgach, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Ushbu tizim haydovchilar uchun erkin tanlov imkoniyatini yaratadi.

Svetoforlarsiz va yuqori sifatli yo‘ldan foydalanishni istaganlar pullik magistrallarni tanlashi, boshqalar esa bepul yo‘llardan foydalanishda davom etishi mumkin. Shu bilan birga, yuk transportlarining turar-joy hududlaridan tashqariga chiqarilishi ekologik vaziyatni yaxshilashga va yo‘llarning xizmat muddatini uzaytirishga yordam beradi.

Ayni damda loyihalar bo‘yicha iqtisodiy hisob-kitoblar va texnik tahlillar davom etmoqda. Qurilish muddatlari va foydalanish tariflari barcha jarayonlar tasdiqlanganidan so‘ng rasman e’lon qilinadi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish