O'zbekistonda to'rt turdagi Xitoy o'yinchog'ini sotish taqiqlandi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

O'zbekistonda to'rt turdagi Xitoy o'yinchog'ini sotish taqiqlandiToshkentda sifatsiz o'yinchoqlar savdosi taqiqlandi

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari Toshkent shahridagi savdo majmualarida o'tkazilgan tekshiruvlar davomida bolalar salomatligi uchun xavfli buyumlarni aniqladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Xitoyda ishlab chiqarilgan o'yinchoqlar bo'yicha amalga oshirilgan nazorat xaridi va laboratoriya tahlillari ushbu mahsulotlarning amaldagi texnik reglament talablariga javob bermasligini ko'rsatdi. Ekspertiza xulosasiga ko'ra, «Police», «Shaqildoq», «Assault» o'yinchoq qurollari hamda «Darts» to'plamlari belgilangan standartlarga mos kelmaydi.

Xususan, «Police» to'pponchasining mayda bo'laklari bo'g'ilish xavfini tug'dirsa, «Shaqildoq» o'yinchog'ining baland tovushi go'daklar eshitish qobiliyatiga zarar yetkazishi aniqlangan. Shuningdek, «Assault» rusumli o'yinchoqlar umumiy xavfsizlik mezonlariga zid deb topildi.

«Darts» to'plami esa o'tkir qirralari sababli bolalarning jarohat olishiga sabab bo'lishi mumkinligi qayd etildi. Mazkur holat yuzasidan ushbu turdagi mahsulotlarni O'zbekiston hududiga olib kirish va sotish rasman taqiqlandi.

Inspeksiya tomonidan barcha savdo korxonalariga ogohlantirish xatlari yuborilib, xavfli deb topilgan o'yinchoqlarni peshtaxtalardan qaytarib olish va sotuvni to'xtatish bo'yicha choralar ko'rilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish