O‘zbekiston madaniyat, san’at va kreativ industriya vakillari uchun muhim o‘zgarishlar davri boshlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu hujjatni ijodkorlar uchun yaratilayotgan mislsiz imkoniyat sifatida baholab, kreativ industriyani rivojlantirishda real ko‘mak va shart-sharoitlar muhimligini alohida qayd etdi.
Hujjatga muvofiq, «Ijodga investitsiya» davlat maqsadli jamg‘armasi ta’sis etildi. Mazkur jamg‘arma orqali istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, sohaga oid tadbirkorlik subyektlari, jumladan, konsert tashkilotchilari, kinokompaniyalar, xususiy teatrlar va bolalar kontenti yaratuvchilari uchun keng ko‘lamli soliq imtiyozlari joriy etildi. Ular QQS, foyda, aylanma, yer va mulk solig‘i hamda JSHDS to‘lovlaridan ozod etildi.
Xorijiy kinoijodkorlar uchun ham soliq bazasi yengillashtirildi. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida nufuzli tanlov g‘oliblariga yirik miqdorda pul mukofotlari joriy qilingan.
Xususan, Gran-pri va 1-o‘rin sohiblari 300 million va 100 million so‘m, 2-o‘rin egalari 200 million va 50 million so‘m, 3-o‘rin uchun esa 100 million va 25 million so‘m miqdorida mukofotlanadi. G‘oliblarni tayyorlagan ustozlar va konsertmeysterlarga esa oylik ish haqining 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lanadi.
Bundan tashqari, uy-joyga muhtoj 1 000 nafar soha xodimlarining ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining yarmi, ya’ni 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilanib, bu ijodkorlarning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlaydi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0