
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida voyaga yetmagan bolaga nisbatan muntazam ravishda zo‘ravonlik qilingani aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Bolalar ombudsmani tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda tug‘ilgan A.I. ismli bola 1989-yilda tug‘ilgan onasi A.T.
tomonidan jismoniy va ruhiy bosim ostida saqlab kelingan. Mazkur holat hududdagi qo‘shnilarning tegishli organlarga yo‘llagan murojaatidan so‘ng fosh etildi.
Tashkilot vakillari vaziyatni joyiga chiqib o‘rganganlarida, go‘dakning o‘ta og‘ir va noxush sharoitda yashayotgani tasdiqlandi. Qo‘shnilarning ta’kidlashicha, uy ichida sodir bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlari uzoq vaqtdan buyon davom etib kelgan.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bolaning xavfsizligini ta’minlash va uning huquqlarini himoya qilish masalasi Bolalar ombudsmani nazoratiga olingan.
Tegishli mutaxassislar bolaning sog‘lig‘i va ruhiy holatini yaxshilash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda. Tergov yakunlari bo‘yicha aybdor shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi.






Izohlar
0