
Yaponiyada qonunbuzarlik qilib yashab kelgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanimizga qaytarildi. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ushbu holat yuzasidan ma’lumot berib, viza rejimiga rioya etishning zarurligini yana bir bor eslatdi. Elchixonaning xabariga ko‘ra, fuqarolarning biri talaba sifatida Yaponiya hududiga kirgan, biroq ta’lim muassasidan chetlashtirilgunga qadar mamlakatni tark etmasdan qolib ketgan.
Ikkinchi fuqaro esa qisqa muddatli vizaga asoslanib Yaponiya kirgan, ammo viza muddati tugagach, mamlakatni tark etishni kechiktirgan. Yaponiya rasmiylari qisqa muddatli vizalar bo‘yicha har qanday ish faoliyati olib borishning qat’iyan man etilishini ta’kidladi. Shuningdek, talabalik vizasi faqatgina ta’lim olish maqsadida berilishi, o‘qishni to‘xtatganda esa yashash huquqining bekor qilinishi qayd etildi.
Mutaxassislar, sayyohlik yoki talabalik vizasi orqali uzoq muddat qolish yoki ishlash mumkinligi haqidagi fikrlarning noto‘g‘ri ekanligini ta’kidladi. Agar noqonuniy ravishda yashovchi shaxslar aniqlansa, ularning hibsga olinishi va keyinchalik deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi. Ushbu vaziyat viza qoidalariga jiddiy rioya qilish va belgilangan muddatlarda mamlakatni tark etishning muhimligini ko‘rsatmoqda.