
Toshkent shahridagi Caravan Group asoschisi Timur Musin o'zining bir qancha biznes aktivlarini sotuvga qo'ygani xabar qilinmoqda. Xorijiy OAV xabar berishicha, sotuvga qo'yilgan ob'ektlar orasida mashhur “Palov muzeyi” restorani ham bor. 13 aprel kuni e'lon berilgan ma'lumotlarga ko'ra, Solor kanali bo'yida joylashgan ushbu besh qavatli restoran majmuasi 5800 kvadrat metr maydonni egallab, 20 sotix yerda barpo etilgan.
“Palov muzeyi” restoranining umumiy qiymati 150 milliard so'mga baholangan. Sotuvchi ob'ektni butunlay yoki 1100 kvadrat metrdan boshlab qismlarga bo'lib sotish imkoniyatini taklif qilmoqda. Bundan tashqari, Caravan restorani ham sotuvda ekanligi ma'lum bo'ldi. Ushbu restoran 7 sotix yerda joylashgan bo'lib, maydoni 1800 kvadrat metrni tashkil etadi va narxi 45 milliard so'mga belgilangan.
Bo'stonliq tumanida joylashgan Cinara’s etnografik majmuasi ham sotuvga qo'yilgan. 80 sotix hududda joylashgan majmuaning umumiy maydoni 1400 kvadrat metr bo'lib, qiymati 99 milliard so'mga baholanmoqda. Tadbirkorning so'zlariga ko'ra, bunday qarorga sud jarayonlari va investitsiyalarni yo'qotish xavfi sabab bo'lgan.
Timur Musin, avval rejalashtirilgan yirik etnografik loyihani amalga oshirishda turli ma'muriy to'siqlarga duch kelganini ta'kidladi. Mehmonxona va akvaparkni o'z ichiga olgan etnografik qishloq qurish rejasi, murakkab investitsiya muhiti tufayli muayyan muddatga qoldirilgan. Muammolarning asosiy sababi yer masalalari bilan bog'liq bo'lib, jumladan, Bo'stonliq tumanidagi avtomobil yo'lini rekonstruktsiya qilish davrida kompaniyaga tegishli yer maydoni qisman olib qo'yilgan. Ushbu holat yuzasidan sud qarori chiqarilgan bo'lsada, u bir necha bor bekor qilingan. Hozirgi kunda kompaniya xorijiy hamkorlar bilan ishni to'xtatgan va bank hisoblaridagi investitsiyalar muzlatilgan.