
Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning aholi xonadonlaridan biriga tashrif buyurib, uy ichidagi tartib va tozalik holatini bevosita tekshirayotgani aks etgan videolavha jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Tarqalgan tasvirlarda tuman rahbari xonadon egasi bo‘lgan ayolga farzandi ko‘z o‘ngida tanbeh berayotgani, shuningdek, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik oldida sharmanda qilish bilan qo‘rqitayotgani yaqqol ko‘rinadi. Ushbu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan keskin tanqid ostiga olindi.
Ko‘plab kuzatuvchilar mansabdor shaxsning bu kabi xatti-harakatlarini inson qadr-qimmatini kamsitish va vakolat doirasidan chiqish deb baholamoqda. Inson huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ham mazkur voqea yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
Mazkur holat davlat xizmatchilarining fuqarolar bilan muloqot qilish madaniyati hamda axloqiy me’yorlariga rioya etishi masalasini yana bir bor dolzarb qilib qo‘ydi. Hozirda ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy izohlar va tegishli organlarning munosabati kutilmoqda.






Izohlar
0